2022-yil 28-yanvar kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi taklifiga binoan Amerika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) mintaqaviy dastur maslahatchisi professor Roberta Xorsning «Jamiyatda SARS-CoV-2 (COVID-19) tarqalishini kamaytirish uchun ko’p qatlamli yondashuv» mavzusida maxsus ma’ruzasi bo’lib o’tdi.
Tadbirda TMA professor-o‘qituvchilari va talabalaridan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligini muhofaza qilish xizmati, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli kasalliklar va parazitologiya markazi, birlamchi sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari, shuningdek, O’zbekistonning boshqa tibbiyot universitetlari talabalari ishtirok etdi.
Ma’ruza davomida professor Xors kasallik tarqalishini nazorat qilish, yuqtirishni kamaytirish va ta’sirini yumshatish, pandemiya sharoitida kundalik hayotni tashkil etish imkoniyatlari bo‘yicha eng dolzarb ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu ma’lumotlar ma’ruza ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va tadbir so‘ngida professor Xors tinglovchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.
Barcha qiziqqan tinglovchilar uchun har hafta TMA xorijiy hamkorlarining shu kabi ma’ruzalari tashkil etiladi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.