2026-yil 5–6-iyun kunlari Urganch shahrida “Infeksiyalar va jamoat salomatligi: dolzarb muammolar va ularning yechimlari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya moderatorlari sifatida Tuychiyev Laziz Nadirovich, Tobokalova S.T. va Skripchenko N.V. faoliyat olib bordilar.
Konferensiya doirasida kafedra mudiri Xudayqulova Gulnara Karimovna onlayn tarzda “Bolalarda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarda (O‘RVI) virusga qarshi terapiya” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada bolalarda virusli respirator kasalliklarni davolash va profilaktika qilishning zamonaviy yondashuvlari yoritildi hamda ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Shuningdek, konferensiyada kafedra xodimlari — assistentlar Ibragimov T.T. va Axmedov I.E. oflayn (an’anaviy) shaklda ishtirok etdilar.
Konferensiyaning asosiy maqsadi infeksionist shifokorlar, epidemiologlar, bakteriologlar, virusologlar, umumiy amaliyot shifokorlari hamda boshqa mutaxassislarni infeksion va parazitar kasalliklarga qarshi kurashishdagi dolzarb masalalarni hal etish yo‘lida birlashtirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, infeksion va noinfeksion kasalliklarni tashxislash, davolash va profilaktika qilish bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqishda ilg‘or tajribalar almashish hamda olimlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.




